BMT davlatimiz tomonidan amalga oshirilayotgan ochiq va pragmatik siyosatni yuksak baholaydi

Joriy yilning 8-iyun kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev mamlakatimizda tashrif bilan bo‘lib turgan Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh kotibining birinchi o‘rinbosari Amina Muhammad bilan uchrashuv o‘tkazdi.

Jahonning bosh xalqaro tashkiloti delegatsiyasi tarkibida uchrashuvda BMT Yevropa iqtisodiy komissiyasi rahbari Olga Algayerova va BMT Taraqqiyot dasturining O‘zbekistondagi doimiy koordinatori Roli Astxana ham ishtirok etdi.

Ta’kidlanganidek, BMT davlatimiz tomonidan amalga oshirilayotgan ochiq va pragmatik siyosatni, shuningdek, Yangi O‘zbekistonni barpo etishga qaratilgan hamda 2030-yilga qadar barqaror taraqqiyot sohasidagi global kun tartibining asosiy vazifalariga to‘liq mos bo‘lgan tub islohotlar dasturini yuksak baholaydi.

Keyingi yillarda O‘zbekiston tashabbusi bilan tashkilot Bosh Assambleyasining qator muhim maxsus rezolyutsiyalari qabul qilindi. Bundan tashqari, ekologik innovatsiyalar va texnologiyalar hududi deb e’lon qilingan Orolbo‘yi mintaqasi bo‘yicha BMT Trast fondi tashkil etildi. BMT Taraqqiyot dasturi, Yevropa iqtisodiy komissiyasi, Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti, YUNЕSKO, YUNIDO, FAO, global tashkilotning boshqa tuzilmalari bilan samarali amaliy hamkorlik kengaymoqda.

Uchrashuvda faol muloqot va almashinuvlarni davom ettirish, O‘zbekistonda Barqaror rivojlanishning, eng avvalo, aholi turmush sifatini yaxshilash va farovonligini yuksaltirishga qaratilgan asosiy maqsadlari ijrosini ta’minlash uchun hamkorlikni mustahkamlash va qo‘shma tadbirlarni amalga oshirishga alohida e’tibor qaratildi.

Kambag‘allikni qisqartirish, oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash, sog‘liqni saqlash va ta’lim sohalarida keng ko‘lamli islohotlarni ilgari surish, gender tenglik bo‘yicha milliy strategiyani amalga oshirish, “yashil” energetikani jadal rivojlantirish, innovatsiyalar va raqamli texnologiyalarni joriy qilish, infratuzilmani modernizatsiya qilish va boshqa masalalar yana bir bor sheriklikning ustuvor sohalari sifatida qayd etildi.

Xalqaro siyosat masalalari va mintaqaviy muammolar yuzasidan ham fikr almashildi.