BMT Orolbo'yini ekologik innovatsiyalar va texnologiyalar zonasi deb e'lon qildi

Buyuk Britaniya elchisi Tim Torlow Birlashgan Millatlar tashkiloti (BMT) ning Orolbo'yi maqomiga oid rezolyutsiyasining muhim ahamiyati haqida so'zlab berdi.

BMT Bosh Assambleyasi Orolbo'yi mintaqasini ekologik innovatsiyalar va texnologiyalar zonasi deb e'lon qilish to'g'risidagi rezolyutsiyani qabul qildi. Hujjat O'zbekiston tomonidan tayyorlangan. Ta'kidlash joizki, O'zbekistonning tashabbuslari xalqaro jamiyat tomonidan keng qo'llab-quvvatlanmoqda.

 

Buyuk Britaniyaning elchisi ta'kidlaganidek, Orol dengizi falokati eng katta ekologik muammolardan biridir. Bu muammo insoniyatning kelajagi uchun umumiy yondashuv va umumiy yechim izlashni talab qiladi.

"Qoraqalpog'istonga tashrifim chog'ida Orol dengizini o'z ko'zim bilan ko'rdim, uning qurishi nafaqat mintaqa mamlakatlari uchun, balki butun insoniyat uchun ham falokat. Bunday katta dengizning qurib qolishiga guvoh bo'ldim va ko'rgan narsalarimdan hafsalam pir bo'lgan", deydi Tim Torlow.

 

Orol dengizi qurishi natijasida nafaqat Qoraqalpog'iston aholisiga, balki butun dunyoga zarar yetkazadigan chang ko'tariladi. Bundan tashqari, iqlim o'zgarishiga va butun dunyo bo'ylab haroratning ko'tarilishiga ta'sir ko'rsatdi.

Orol fojiasining tahlikali ta'siri bugungi kunda butun dunyoda kuzatilmoqda. Xalqaro ekspertlarning fikriga ko'ra, Orol mintaqasidagi zaharli tuzlar Antarktida qirg'og'ida, Grenlandiya muzliklarida, Norvegiya o'rmonlarida va dunyoning boshqa ko'plab qismlarida topilgan.

 

Orol inqirozining atrof-muhitga va Orolbo'yida yashayotgan millionlab insonlar hayotiga halokatli ta'sirini kamaytirish bugungi kunning eng muhim vazifasidir.

 

Tim Torlow joriy yilning noyabr oyida iqlim o'zgarishiga bag'ishlangan 26-konferentsiya o'tkazilishini ta'kidladi. Ushbu tadbirga dunyoning barcha davlatlari, jumladan, nafaqat davlat rahbarlari, balki olimlar, biznes vakillari, ekologik faollar va boshqa ko'plab mamlakatlar taklif etiladi.