BMT Xavfsizlik kengashining Terrorga qarshi kurash qo‘mitasi yig‘ilishiga Hindiston raislik qiladi

BMT matbuot xizmatining xabar berishicha, joriy yilning 28 oktabr kunida Hindistonda BMT Xavfsizlik kengashining Terrorga qarshi kurash qo‘mitasi yig‘ilishi boshlanadi. Ishtirokchilar IT sohasida terrorchilikka qarshi kurashish masalalarini muhokama qilishadi.
Bu Qo‘mitaning 2015 yildan beri Nyu-Yorkdagi BMT bosh qarorgohidan tashqarida o‘tkazilayotgan ilk yig‘ilishidir.
Yangi texnologiyalar terrorchi guruhlar qo‘liga tushib qolishi mavjud tahdidni yanada kuchaytiradi. Qatnashchilar asosiy e’tiborni ayni shu muammo yechimiga qaratishmoqchi. Muhokama uch yo‘nalishda - internet va ijtimoiy tarmoq, global terrorchi tarmoqlarni moliyalashtirish va uchuvchisiz uchish tizimlari tarqalishi bo‘yicha bo’lib o’tadi.
Mutaxassislar oldida, shuningdek, terrorchilik faoliyatini moliyalashtirish va “kraudfanding” vositasida mablag‘ yo‘naltirish, ijtimoiy tarmoq platformasi hamda boshqa raqamli usullar orqali amalga oshiriladigan moliyalashtirish harakatlarining oldini olish masalalarini muhokama qilish vazifasi turibdi.
Ma’lumot uchun, Hindiston Qo‘mitaga joriy yil so‘ngiga qadar raislik qiladi.






