Bojxona tartibotlarini raqamlashtirishga bag‘ishlangan trening tashkil qilinadi

Turkiy kengash doirasida 29 iyun – 1 iyul kunlari Toshkent shahrida O‘zbekiston Davlat bojxona qo‘mitasi tomonidan Qirg'iziston davlat bojxona xizmati, Xalqaro avtomobil transporti ittifoqi (IRU) va Germaniya xalqaro hamkorlik jamiyati (GIZ) bilan hamkorlikda bojxona tartibotlarini raqamlashtirish bo‘yicha trening bo‘lib o‘tadi.

Qirg‘iziston Bojxona xizmati ekspertlari uchun tashkil etilgan mazkur tadbirda Qozog‘iston bojxona qo‘mitasi vakillari ham onlayn shaklda ishtirok etadilar.

Tadbir davomida “TIR”ni raqamlashtirish va “e-TIR” xalqaro tizimiga ulanish bo‘yicha tomonlar o‘rtasida tajriba almashish, shuningdek, “Yallama” chegara bojxona postida raqamli “TIR” orqali transport operatsiyalari amalga oshirilishini monitoring qilish hamda o‘tkazish punktida xavflarni boshqarish bo‘yicha tajriba almashish rejalashtirilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, 2020 yil noyabr oyida O‘zbekiston va Qozog‘iston o‘rtasida raqamli “TIR” pilot loyihasi muvaffaqiyatli ishga tushirilgan. Qirg‘iziston ham ushbu loyihaga qo‘shilish niyatini bildirgan.

Shuni ta’kidlash lozimki, raqamlashtirilgan “TIR”ni qo‘llashda qog‘oz hujjatning yo‘qligi bojxona organlari va yuk tashuvchilarning ishini sezilarli darajada osonlashtiradi, tranzaksiya xarajatlarini kamaytiradi, real vaqt rejimida ishlaydigan ishonchli xalqaro elektron ma’lumotlar bazasi mavjudligi sababli yuk tashuvlarning tezkorligi va xavfsizligiga xizmat qiladi.