Boks: ikki nafar vakilimiz Jahon chempionati yarim finalida

 
Hamyurtlarimizdan Abdumalik Xalakov va Madiyar Saidrahimov ushbu Jahon chempionatida kamida bronza medalini naqd qilib qo‘yishdi
 
Serbiyaning Belgrad shahrida davom etayotgan boks bo‘yicha havaskorlar o‘rtasidagi Jahon chempionatining barcha yarim finalchilari aniqlandi. E’tiborlisi, musobaqaning ushbu bosqichiga ikki nafar vakilimiz yetib kelishdi.
 
-60 kg vazn toifasida buxorolik Abdumalik Xalakov terma jamoamizga yarim finalning ilk yo‘llanmasini taqdim etgani haqida xabar bergandik. Seshanba oqshomida -92 kg vaznda ringga chiqqan bokschimiz Madiyar Saidrahimov ham chorak final bosqichidan muvaffaqiyatli o‘tdi va yarim finalga yo‘l oldi. U ushbu bosqichda angliyalik Lyuis Uilyamsga qarshi jang qildi va ishonchli g‘alabaga erishdi.
 
Afsuski, qolgan bokschilarimiz chorak final to‘sig‘idan o‘tisholmadi. Jumladan, -63,5 kg vazn toifasidagi bokschimiz Mujibillo Tursunov yarim final yo‘lida kubalik Endi Kruzga qarshi ringga ko‘tarildi va amaldagi Olimpiya chempioni bilan qarshi tengma-teng kurashgan bo‘lsa-da, yakunda imkoniyatni boy berdi.
 
-75 kg vazn toifasida hamyurtimiz Saidjamshid Jafarov chorak finalda tailandlik Viparon Jongjoxoga qarshi jangda katta ustunlik bilan harakat qildi. Biroq, yakunda hakamlar g‘alabani tailandlik bokschiga tuhfa etishdi.
 
Nihoyat +92 kg vaznli bokschimiz, terma jamoamiz bayroqdori Lazizbek Mullojonov ushbu bosqichdagi jangini armanistonlik David Chaloyanga qarshi o‘tkazdi va 2:3 hisobida yutqazib qo‘ydi.
 
Biz yarim finalga yo‘l olgan bokschilarimizga kelgusi janglarda omad tilaymiz.