Bokuda Turkiy tilli davlatlar hamkorlik Kengashining biznes-forumi bo'lib o'tdi

Mazkur tadbirda O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi raisi A.Ikramov videokonferensaloqa formatida ishtirok etdi. Shuningdek, Boku shahrida O‘zbekiston Respublikasi investitsiyalar va tashqi savdo vazirining birinchi o‘rinbosari A. Voitov boshchiligidagi O‘zbekiston delegatsiyasi ham qatnashdi.
Biznes-forumni Ozarbayjon Respublikasi Iqtisodiyot vaziri M.Jabborov kirish so‘zi bilan ochdi. U o‘z nutqi davomida Ozarbayjon davlati Turkiy Kengash mamlakatlari bilan do‘stlik aloqalari va ko‘p qirrali hamkorlikni yuksak qadrlashini ta’kidladi.
Shuningdek, tadbir davomida Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashi Bosh kotibi B. Amreyev so‘zga chiqib, Turkiy kengashining o‘zaro hamkorlikni rivojlantirishga ko‘maklashuvchi mintaqaviy tuzilma sifatida ta’kidlab, birinchi navbatda, savdo, sarmoya innovatsiya, transport, turizm, madaniy-gumanitar almashinuv yo‘nalishlar kabi dolzarb sohalarda samarali salohiyatga ega ekanligini qayd etdi.
O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi raisi A.Ikramov esa o‘z nutqi davomida, O‘zbekiston va Turkiy Kengash mamlakatlari tarixiy jihatdan nafaqat madaniy, lingvistik, ma’naviy hamjamiyat, balki an’anaviy do‘stlik va o‘zaro manfaatli munosabatlar bilan bog‘liqligiga e’tibor qaratdi.
Biznes-forum yakunida “B2B” formatida ham uchrashuvlar bo‘lib o‘tdi, u yerda ishtirokchi mamlakatlar ishbilarmon doiralari o‘rtasidagi sheriklik munosabatlarini kengaytirish yuzasidan fikr almashildi.






