Bolalarni 1-sinfga qabul qilish bo'yicha davlat xizmatini ko'rsatish tartibi belgilandi

“Xalq ta'limi tizimida davlat xizmatlarini ko'rsatishni yanada takomillashtirish to'g'risida”gi Hukumat qarori qabul qilindi.
Qaror bilan quyidagilar bo'yicha davlat xizmatlari ko'rsatishning ma'muriy reglamentlari tasdiqlandi:
bolalarni davlat maktablariga qabul qilish hamda o'quvchilarni bir maktabdan boshqasiga o'tkazish;
chet el fuqarolari va fuqaroligi bo'lmagan shaxslar farzandlarini maktabga qabul qilish uchun arizalar olish;
eksteriat tartibida imtihonlar olish uchun arizalar qabul qilish;
umumiy o'rta ta'lim to'g'risidagi rasmiy davlat hujjatlari dublikatini berish.
Shunga ko'ra, har yili 1-maygacha o'quvchilarni 1-sinfga qabul qilish va bir maktab (sinf)dan boshqasiga o'tkazish bo'yicha davlat xizmatlari ko'rsatiladigan hududlar ro'yxati tasdiqlanadi va Xalq ta'limi vazirligi rasmiy veb-saytida e'lon qilinadi.
1-sinfga bolalar ular 7 yoshga to'ladigan yilda qabul qilinadi.
Davlat xizmati ko'rsatilgani uchun ariza beruvchidan yig'im undirilmaydi.
Ariza beruvchi mikrohudud bo'yicha maktabga qabul qilish uchun har yili 20-iyundan 31-iyulgacha YAIDXP (Единый портал интерактивных государственных услуг) yoki Xalq ta'limi vazirligining elektron xizmatlar portalida ro'yxatdan o'tadi.






