Bolalarni autsorsing usulida ovqatlantirishni tashkil etishda jiddiy kamchiliklar mavjud

Bugun, Oliy Majlis Senati Kengashining navbatdagi majlisi o’tkazilib, unda Davlat maktabgacha taʼlim tashkilotlarida ovqatlanishni tashkil etish tizimidagi muammolarni oʼrganish boʼyicha ishchi guruhi oldida turgan vazifalar koʼrib chiqildi.
Senat Raisi Tanzila Narbayeva olib borgan yigʼilishda senatorlar, tegishli vazirlik va idoralar, davlat va nodavlat tashkilotlari rahbarlari, hamda, OАV vakillari ishtirok etdi.
Taʼkidlanganidek, 2017-yilda Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan Maktabgacha taʼlim vazirligi tashkil etildi. Soʼnggi yillarda amalga oshirilgan koʼplab ishlarning natijasi bugungi kunga kelib koʼrinmoqda.
Xususan, 2017-yilda respublika boʼyicha jami 5 211 ta maktabgacha taʼlim tashkiloti faoliyat yuritgan boʼlsa, bugungi kunga kelib ularning soni 28 012 tani tashkil etmoqda. Mazkur muassasalarda bola qamrovi 708 ming nafardan qariyb 2 million nafar (69,4 foiz) ga yetdi. 2022-yil 1-yanvar holatiga mamlakatimizda 6300 ta davlat maktabgacha taʼlim tashkiloti faoliyat koʼrsatib, ularda 1 million 276 ming bola qamrab olingan. 1185 ta davlat maktabgacha taʼlim tashkilotida ovqatlanish autsorsing usulida tashkil etilgan boʼlsa, 5145 tasi oʼz oshxonasiga ega.
Senat Raisi Tanzila Narbayeva tizimdagi yutuqlar bilan birga, qator kamchiliklarni sanab oʼtdi. Xususan, bolalarni autsorsing usulida ovqatlantirishni tashkil etishda qator jiddiy kamchiliklar mavjud. Masalan, ularni nazorat qilish mexanizmlari toʼliq ishlab chiqilmagan. Shuningdek, ovqatlantirish tizimida inson omilining yuqoriligi korruptsiyaning rivojlanishiga sabab boʼlmoqda.






