Bosh vazir kotibiyati tashkil qilinadi

Prezidentning “Yangi Oʼzbekiston maʼmuriy islohotlarini amalga oshirish chora-tadbirlari toʼgʼrisida”gi Farmoniga ko’ra, Vazirlar Mahkamasi ijro etuvchi tuzilmasida Hukumat rahbari faoliyatini huquqiy, tashkiliy-texnik, axborot-tahliliy va protokol jihatdan taʼminlaydigan Bosh vazir kotibiyati tashkil qilinadi.

Shuningdek, 2023-yil 1-yanvardan boshlab Oʼzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi (keyingi oʼrinlarda – Vazirlar Mahkamasi/Hukumat) aʼzosi boʼlgan ijro etuvchi hokimiyat organlari rahbarlarining Vazirlar Mahkamasining tarkibiy tuzilmalaridan mustaqil ravishda Bosh vazir bilan toʼgʼridan-toʼgʼri ishlashi tizimi joriy etiladi.

Shuningdek, Hukumat aʼzosi boʼlgan ijro etuvchi hokimiyat organi rahbari:

    tegishli sohada yagona davlat siyosatini olib borish va uni rivojlantirish boʼyicha belgilangan maqsadli koʼrsatkichlarga erishish uchun masʼul va javobgar hisoblanadi;
    tizimdagi kadrlar siyosatining Vazirlar Mahkamasi apparatidan mustaqil ravishda davlat xizmati toʼgʼrisidagi qonunchilikka muvofiq yuritilishini taʼminlaydi.

Vazirlar Mahkamasi ijro etuvchi tuzilmasida iqtisodiyot va ijtimoiy sohalar boʼyicha kotibiyatlar, departamentlar va ular huzuridagi boʼlimlar, shuningdek, Madaniy merosni himoya qilish inspektsiyasi, Harbiylashtirilgan tuzilmalar faoliyatini moliyaviy va moddiy-texnik taʼminlash boʼlimi, Mahalla va nuroniylarni qoʼllab-quvvatlash masalalari boʼlimi tugatiladi.

Vazirlar Mahkamasi ijro etuvchi tuzilmasida:

    Bosh vazirning 4 nafargacha oʼrinbosarlari lavozimi;
    Hukumat rahbari faoliyatini huquqiy, tashkiliy-texnik, axborot-tahliliy va protokol jihatdan taʼminlaydigan Bosh vazir kotibiyati tashkil qilinadi.