Bryusselda Oʼzbekiston-Yevropa munosabatlarining muhokamasi

 
Bryussel shahrida Oʼzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʼrinbosari - Investitsiyalar va tashqi savdo vaziri S.Umurzakov Yevropa Kengashi Prezidentining tashqi siyosat boʼyicha bosh maslahatchisi Saymon Mordyu bilan Oʼzbekiston va Yevropa Ittifoqi oʼrtasidagi siyosiy hamda iqtisodiy hamkorlikni chuqurlashtirish yoʼllarini muhokama qildi.
 
Muloqotda bir qator qoʼshma tadbirlar, yaʼni “YEI – Markaziy Osiyo” sammiti, “YEI – Markaziy Osiyo” oʼzaro bogʼliqlik boʼyicha Vazirlar uchrashuvi, “YEI – Markaziy Osiyo” turizm forumini tashkil etish va oʼtkazishga alohida toʼxtalib oʼtildi. Shu nuqtai nazardan, Oʼzbekiston mintaqaviy oʼzaro bogʼliqlikni kuchaytirish, mintaqa mamlakatlarining barqaror iqtisodiy oʼsishini taʼminlash va xavfsizlikni mustahkamlashga qaratilgan keng koʼlamli tashabbuslarni ilgari surish va amalga oshirish uchun barcha shart-sharoitlarga ega ekani taʼkidlandi.
 
Oʼzbekistonning Jahon savdo tashkilotiga aʼzo boʼlishi toʼgʼrisidagi tashabbusi doirasidagi hamkorlik masalalariga ham toʼxtalib oʼtildi. Yevropa tomonining fikricha, bu tashabbus Oʼzbekistonning jahon iqtisodiyoti va koʼp tomonlama savdo tizimiga integratsiyalashuvi yoʼlidagi muhim qadam boʼladi.
 
Uchrashuv so'ngida, koʼrib chiqilgan yoʼnalishlar doirasida mavjud boʼlgan masalalar boʼyicha hamkorlikni faollashtirish toʼgʼrisida kelishuvga erishildi.