«Bu chinakam tarixiy voqea» – Prezident Shavkat Mirziyoyev

O‘zbekiston va Qozog‘iston yetakchilari ommaviy axborot vositalari vakillari uchun brifing o‘tkazdilar. Prezidentimiz bo‘lib o‘tgan muzokaralar O‘zbekiston va Qozog‘iston ikki tomonlama munosabatlarni har tomonlama rivojlantirish va boyitish, ularga sifat jihatidan yangi amaliy mazmun berishga tayyorligini yana bir bor tasdiqlaganini ta’kidladi.
Qardosh xalqlarimizning tub manfaatlariga to‘liq javob beruvchi Ittifoqchilik munosabatlari to‘g‘risidagi shartnomaning imzolangani tashrifning eng muhim natijasi bo‘ldi. Bundan tashqari, davlat rahbarlari darajasidagi Davlatlararo kengash tuzilmoqda.
“Bu bilan bir-birimizni faol qo‘llab-quvvatlashga, zamon xatarlari oldida yelkama-yelka qat’iy turishga tayyorligimizni tasdiqladik”, – dedi Shavkat Mirziyoyev.
Qabul qilingan navbatdagi muhim hujjat - birodar mamlakatlarimiz o‘rtasidagi chegaralarning huquqiy rasmiylashtirilishini to‘liq yakuniga yetkazgan O‘zbekiston-Qozog‘iston davlat chegarasini demarkatsiya qilish to‘g‘risida shartnoma.
“Bu chinakam tarixiy voqea. Hech shubhasiz, chegaralarimiz doimo haqiqiy do‘stlik va yaxshi qo‘shnichilik hududi bo‘lgan va shunday bo‘lib qoladi”, – dedi O‘zbekiston Prezidenti.






