Bugun Oʻzbekistonda harorat -2 darajagacha pasaydi

18-aprel kuni tongda Oʻzbekistonning ayrim hududlarida havo harorati -1 dan -2 darajagacha pasaydi. Bu haqda Oʻzgidromet mutaxasisi Erkin Abdulahatov maʼlum qildi.

Mutaxassisga koʻra, Navoiy viloyati Nurota tumanida bugun tongda harorat -1 darajagacha sovigan. Bir qator stansiyalarida tuproq sirtidagi harorat ham -3 darajagacha yetgan.

Xorazm viloyati ko‘plab stansiyalarida ham tunda havo harorati nol va undan biroz pasaygan, tuproq sirtidagi harorat -2 darajagacha yetgan.

“Bu, kuchsizroq ko‘rinishdagi “sovuq urish” hodisasi degani”, deydi Abdulahatov.

Shuningdek, Nurota, Qoʻshrabod hamda Forish tumanlarining 800-900 metrdan yuqoriroqda joylashgan tog‘ etaklarida tok va pomidor ko‘chatlarini sovuq urgan bo‘lishi ehtimoli bor.