Bugungi mavzu 30 yildan buyon keyinga surilib kelayotgan masalalar yechimiga qaratilgan – Prezident

Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida davlat xizmatini isloh qilish va boshqaruvda natijadorlikni oshirish chora-tadbirlari yuzasidan videoselektor yigʼilishi bo’lib o’tmoqda.

“Bugungi mavzu 30 yildan buyon keyinga surilib kelayotgan masalalar yechimiga qaratilgan.

Gap 35 million aholimizning hayotini yengil qiladigan, kayfiyatiga bevosita taʼsir koʼrsatadigan – davlat xizmatini isloh qilish hamda boshqaruvda natijadorlik va sifatni oshirish haqida bormoqda”, dedi davlatimiz rahbari yigʼilish avvalida.

Taʼkidlanganidek, bu sohada 118 ming kishi mehnat qilmoqda. Soʼnggi yillarda davlat xizmatchilari xalqqa ancha yaqinlashdi, “mahallabay” va “xonadonbay” ishlash tizimi yoʼlga qoʼyildi.

Xodimlarga samarali ishlashlari uchun munosib sharoitlar yaratildi.

Natijada, davlat xizmatida 40 yoshgacha boʼlgan xodimlar ulushi 61 foizga yetdi (ilgari 37 foiz boʼlgan).

“Lekin, hali davlat xizmati chinakam xalqni rozi qiladigan tizimga aylangani yoʼq”, dedi Prezident.

Misol uchun, oʼtgan yili Xalq qabulxonalariga vazirlik va hokimliklar xodimlarining bilimsizligi va masʼuliyatsizligi haqida 25 mingta, ularning muloqot madaniyati yetishmasligi bilan bogʼliq 7 mingta shikoyat kelib tushdi.

Eng koʼp shikoyatlar Sogʼliqni saqlash, Xalq taʼlimi vazirliklari, Qashqadaryo, Surxondaryo viloyatlari hokimliklari faoliyati bilan bogʼliq.