Buxoro va Xorazm viloyatlarida IDI hududiy ofislari ochilib, kompaniyalarning investitsiyaviy imkoniyatlari baholandi

Bosh vazir o'rinbosari – Investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Jamshid Xodjayev "International Development Ireland" (IDI, Irlandiya Respublikasi) rahbariyatini qabul qildi. Kompaniya vakillari ITSV huzuridagi Investitsiya loyihalarini ishlab chiqish markazi va IDI o'rtasida tuzilgan shartnomaning birinchi bloki doirasida bajarilgan ishlar to'g'risida hisobotlarni taqdim etdilar.
Qayd etilishicha, kompaniya Buxoro va Xorazm viloyatlarining investitsiyaviy salohiyatini rivojlantirish bo'yicha kompleks Strategiyalarni ishlab chiqqani, vazirlik rahbariyati va xodimlari hamda investitsiyalarni jalb qilish sohasiga mas'ul tashkilotlar vakillari uchun bevosita va onlayn tarzda xorijiy investitsiyalarni jalb qilish bo'yicha malaka oshirish dasturiga muvofiq treninglar o'tkazgan. Mashg'ulotlarda Irlandiya Respublikasi Investitsiyalarni jalb qilish agentligi mutaxassislari ishtirok etishgan.
Shuningdek, kompaniya mutaxassislari tomonidan Buxoro va Xorazm viloyatlari hokimliklari ko'magida IDI hududiy ofislari ochilib, ikki viloyatda ham 25 ta kompaniyaning investitsiyaviy imkoniyatlari baholandi. 620 investorga hududda yaratilgan imkoniyatlar to'g'risida ma'lumotlar yetkazildi, ulardan 16 nafari takliflarga qiziqish bildirib o'zaro manfaatli investitsiya loyihalarini amalga oshirish bo'yicha muzokaralarni boshladilar. Ta’kidlanishicha, investorlar asosan tibbiy va mehmonxona xizmatlari, oziq-ovqat ishlab chiqarish, chorvachilik, tayyor to'qimachilik mahsulotlari, qurilish materiallari, tibbiy buyumlar ishlab chiqarish va sotish yo'nalishlari bilan qiziqayotganlari ta’kidlandi.
Uchrashuv yakunida IDI Vazirlikning hududiy tuzilmalari faoliyatini transformatsiyalash va samaradorligini oshirishga qaratilgan konsepsiyani ishlab chiqib, taqdim etishi hamda konsepsiya navbatdagi muzokaralar davomida ko'rib chiqilishi qayd etildi.






