Buxoroda zardo‘zlik va zargarlik ishi xalqaro festivali bo‘lib o‘tadi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 29-apreldagi 5098-son qaroriga muvofiq, xalq amaliy san’ati zardo‘zlik va zargarlik an’analarini rivojlantirish maqsadida Buxoro shahrida har ikki yilda bir marta xalqaro festival o‘tkaziladi. Festival kelgusi yilning 21-25 may kunlari o’tkazilishi rejalashtirilmoqda.
Buxoroda o‘tkaziladigan festival doirasida “An’anaviy zardo‘zlik va zargarlik san’atini rivojlantirish istiqbollari” mavzuida ilmiy-amaliy anjuman bo‘lib o‘tadi. Festival munosabati bilan Toshkentda har yilgi xorijiy mamlakatlar zargarlik sanoati vakillari, xorijiy investorlar, ekspert va mutaxassislarni jalb etgan holda zamonaviy asbob-uskunalar, texnologiyalar va zargarlik sanoati mahsulotlarining “O‘zbek zargarlik buyumlari yarmarkasi” xalqaro ko‘rgazma-savdosi bo‘lib o‘tadi.
Festival Buxoro viloyati hokimligi, Turizm va sport vazirligi, Investitsiyalar va tashqi iqtisodiy aloqalar vazirligi, Respublika “Hunarmand” uyushmasi, “O‘zbekzargarsanoat” tashkiloti hamkorligida tashkil etiladi.






