Buxorodagi Ismoil Somoniy maqbarasining 3D nusxasi yaratiladi

Maqbaraning nusxasini yaratishga Janubiy Koreyaning qator kompaniyalari jalb qilinadi.

Buxoroning eski shahar qismida 864-868-yillarda qurilgan va Somoniylar davri (IX-X asr) me’morchiligining nodir namunalaridan biri bo‘lgan Ismoil Somoniy maqbarasining 3D nusxasi yaratiladi.

Ta’kidlanishicha, Ismoil Somoniy maqbarasining “Digitil Twin”, 3D-texnologiyalari va geografik ma’lumotlar yordamida birga-bir raqamli nusxasini (egizagini) yaratish va “Google maps” tizimiga biriktirish ishlari Koreya Respublikasi axborot texnologiyalarini rivojlantirish milliy agentligining umumiy qiymati 150 ming AQSh dollari bo‘lgan grand loyihasi asosida amalga oshiriladi.

Maqbaraning “egizagi”ni yaratish maqsadida Buxoroga Janubiy Koreyaning qator kompaniyalari va “LX” korporasiyasi vakillari kelishdi hamda loyihaning maqsad va mazmuni bilan mutaxassislarni yaqindan tanishtirishdi.

Mutaxassislarning aytishicha, mazkur loyiha amalga oshirilgandan so‘ng, erishilgan tajriba asosida Xiva, Samarqand va Shahrisabz shaharlarining tarixiy qismlari, Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Xorazm viloyatidagi qal’alar, arxeologik topilmalarning ham 3D nusxalari yaratila boshlanadi.