"C5 + 1" dialogi doirasidagi o'zaro aloqalarni davom ettirish. AQSh Prezidenti Jo Bayden Navro'z bayrami arafasida O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevga tabrik maktubini yubordi.

AQSh prezidenti Jozef Bayden Prezident Shavkat Mirziyoyevni va O'zbekiston xalqini Navro'z bayrami bilan tabrikladi.

Amerika Prezidenti o'z maktubida Afg'onistonda urushni to'xtatish hamda barqaror va diplomatik yechim topishni ta'minlaydigan tinchlik jarayonini qo'llab-quvvatlash bo'yicha O'zbekiston va Qo'shma Shtatlarning birgalikdagi faoliyati muhimligini ta'kidladi. Prezident Bayden, shuningdek, Qo'shma Shtatlar "C5 + 1" dialogi doirasida o'zaro aloqalarni davom ettirishga umid qilishini aytib o’tdi.

“Bu yil O'zbekiston mustaqilligining 30 yilligi nishonlanadi.

So'nggi yillarda siz jiddiy islohotlarni amalga oshirdingiz va ushbu taraqqiyotni davom ettirish maqsadida mening Ma'muriyatim mamlakatingiz bilan hamkorlik qilishga umid qilmoqda.

Men Sizga va butun O'zbekiston xalqiga ushbu yangi yil va yangi bahorda eng yaxshi tilaklarimni yetkazib qolaman.

Navro'z Muborak!", deyiladi maktubda.