Chexiyada prezidentlik saylovlarining birinchi bosqichi o’tkazilmoqda

Chexiya Respublikasida 13-14-yanvar kunlari prezidentlik saylovlarining birinchi bosqichi bo’lib o’tmoqda. Ma’lumotlarga ko’ra, ushbu saylovda prezidentlik uchun sakkiz nomzod da’vogarlik qilmoqda.

Biroq ijtimoiy so’rovlar shuni ko’rsatmoqdaki, ulardan faqat uchtasi g’alaba qozonish imkoniyatiga ega. Ular: mamlakatning sobiq bosh vaziri, biznesmen Andrey Babish, iqtisodchi va Brno universitetining sobiq rektori Danusha Nerudova hamda iste’fodagi general, NATO Harbiy qo’mitasining sobiq rahbari Petr Paveldir.

Qayd etilishicha, saylov natijalarini oldindan prognoz qilish qiyin, favoritlar orasida aniq yetakchi yo’q, shuningdek, nomzodning birortasini qo’llab-quvvatlash darajasi 30 foizdan oshmaydi. Ammo, Petr Pavel ikkinchi bosqichga o’tsa, prezident bo’lish uchun eng katta imkoniyatga ega bo’ladi.

P.S. Chexiya Respublikasining amaldagi davlat rahbari Milosh Zeman 2013-yildan buyon o’z lavozimini egallab kelmoqda, u ikki marta saylovlarda g’alaba qozongan va aynan shu sababli joriy yilgi saylovda u ishtirok etmaydi.