Chimyonda xalqaro darajadagi mavsumiy dam olish maskani quriladi

2022-yil 1-fevral kuni O‘zbekiston Respublikasi Turizm va sport vazirligida “Beldersoy-Chimyon-Nanay” xalqaro mavsumiy kurortini qurish loyihasining amalga oshirilishi munosabati bilan matbuot anjumani va Toshkent viloyatining Boʻstonliq tumanini kompleks rivojlantirish boʻyicha birinchi bosh loyiha taqdimoti bo‘lib o‘tdi.

Tadbirda Bosh vazir o‘rinbosari, Turizm va sport vaziri Aziz Abduhakimov, “Beldersoy-Chimyon-Nanay” davlat unitar korxonasi loyiha boshqarmasi direktori Sardor Mirahmedov, Chorvoq TRZ direksiyasi vakillari, OAV vakillari va jamoat arboblari ishtirok etdi.

O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Fransiya Respublikasiga rasmiy tashrifi doirasida "Beldersoy-Chimyon-Nanay" xalqaro mavsumiy kurortini qurish loyihasini amalga oshirish to'g'risidagi kelishuviga asosan amalga oshirilayotgan ushbu loyiha doirasida 6 ming sayyohlik joyiga moʻljallangan xalqaro darajadagi mavsumiy kurort zonasi qurish rejalashtirilgan.

Chimyon togʻ hududida 20 dan ortiq attraksionlar, dor yo’llari (Zip line, Alpine coaster, Adventure tower, summer/winter Tubing) va umumiy uzunligi 20 km bo’lgan 11 ta changʻi yoʻlakchalari qurilishi rejalashtirilgan.

Chimyon sayyohlik zonasi uchta bekatdan iborat bo‘lib, 3309 m balandlikda joylashgan O’rta Osiyodagi eng baland dor yo’li bo’ladi. Majmuaning bosh rejasi va iqtisodiy modeli Fransiya kompaniyalari konsorsiumi tomonidan ishlab chiqilgan bo’lib u Fransiya g‘aznachiligi, xorijiy va mahalliy investitsiyalar hisobidan moliyalashtiriladi. Ayni damda loyihaga kiritilgan sarmoyaning umumiy hajmi 269 million dollarni tashkil etadi.

Kurort majmuasi “Chorvoq” erkin turistik zonasi maqomini olishi rejalashtirilgan.