Cotton Campaign xalqaro koalitsiyasi bilan oʼzaro hamkorlik masalalari muhokama qilindi

Joriy yilning 9-mart kuni Oʼzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʼrinbosari - Investitsiyalar va tashqi savdo vaziri S.Umurzakov “Cotton Campaign” xalqaro koalitsiyasi hamda Аmerika “Masʼul xaridorlar tarmogʼi” huquqni himoya qiluvchi notijorat tashkiloti (NNT) rahbariyati bilan uchrashuv oʼtkazdi.

Xorijiy delegatsiya Oʼzbekiston tomonidan ushbu sohalarda erishilgan muvaffaqiyatni, xususan, 2021-yilda Yevropa Ittifoqining "GSP+" Preferentsiyalar bosh tizimining benefitsiar maqomini olishi va Buyuk Britaniyaning "GSP Enhanced framework" Preferentsiyalar Bosh tizimining Kengaytirilgan sxemasiga qoʼshilishi, shuningdek, mamlakatda tizimli majburiy mehnatga barham berilishini eʼtirof etdi.

Mehnat sohasida huquqbuzarliklarini monitoring qilish va oldini olish samaradorligini oshirish, shuningdek, mehnat huquq va erkinliklarini himoya qilishni taʼminlash maqsadida Xalqaro mehnat tashkiloti, Ish beruvchilar Konfederatsiyasi, Kasaba uyushmalari Federatsiyasi, fuqarolik jamiyati vakillari, fermer xoʼjaliklari va paxta klasterlari rahbarlari bilan faol hamkorlik yoʼlga qoʼyilgani alohida taʼkidlandi.

Uchrashuv davomida tomonlar Oʼzbekistonda fuqarolik jamiyatini rivojlantirish uchun shart-sharoitlar yaratish, mahalliy korxonalarda korporativ ijtimoiy javobgarlik tamoyillarini joriy qilish, paxta klasterlari va fermer xoʼjaliklarini ishlab chiqarishda energiya tejaydigan va suvni tejaydigan texnologiyalardan foydalanishga undash, shuningdek, tegishli xalqaro tashkilotlar bilan ushbu sohalardagi hamkorlikni yanada mustahkamlash yoʼllarini koʼrib chiqdilar.