Davlat investitsiyalarini baholash tizimi yaratilmagan

Senatning yalpi majlisida Vazirlar Mahkamasining hisoboti eshitildi. Unda qator yutuq va kamchiliklar sanab o‘tildi.

Oliy Majlis Senatining yigirmanchi yalpi majlisida Vazirlar Mahkamasining hisoboti eshitildi.

Senatorlar mamlakatimizda koronavirus pandemiyasining ijtimoiy-iqtisodiy vaziyatga taʼsirini yumshatish borasida hukumat tomonidan oʼz vaqtida koʼrilgan choralarni ijobiy baholadilar.

Olib borilgan islohotlar natijasida 2021 yilning yanvar-sentyabr oylarida yalpi ichki mahsulot oʼsishi oʼtgan yilning shu davriga nisbatan 106,9 foizni, jumladan, sanoat – 109,0 foizni, xizmatlar – 107,6 foizni, qishloq xoʼjaligi – 104,2 foizni tashkil qilgan. Savdo aylanmasi hajmi 167,0 trln soʼmga yetib, oʼtgan yilga nisbatan 109,8 foizga oʼsgan.

“Temir daftar”, “Аyollar daftari” va “Yoshlar daftari”ga kiritilgan 28,6 ming ishsiz fuqaroga 58 mlrd 900 mln soʼm subsidiya ajratilgan.

“Obod qishloq” va “Obod mahalla” dasturlarida koʼzda tutilgan chora-tadbirlarni moliyalashtirish uchun respublika byudjetidan 9 trln 800 mlrd soʼm sarflangan hamda mahalliy byudjetlarga aynan shu maqsadlar uchun 301 mlrd soʼm ssuda ajratilgan.

Аholi salomatligini mustahkamlash maqsadida jami 27 mln dozaga yaqin vaktsina olib kelinib, 23 mln dozaga yaqin vaktsina bilan qariyb 5 yarim million aholi koronavirusga qarshi barcha bosqichlarda toʼliq emlangan.

Sogʼliqni saqlash tizimida olib borilgan islohotlar natijasida 82 ta oilaviy shifokor punkti va 19 ta oilaviy poliklinika tashkil etilgan.

Yalpi majlisda ayrim kamchiliklar ham muhokama qilindi.

Jumladan, hayot sugʼurtasi tarmogʼi hamda shaxsiy sugʼurtani aholi orasida ommalashtirish, ularni keng miqyosda targʼib qilish, shaxsiy sugʼurta turlarini rivojlantirish yuzasidan normativ-huquqiy hujjat qabul qilinmagan.

Turizm sohasidagi bitiruvchilarni ish bilan taʼminlash maqsadida onlayn-platforma yaratish topshirigʼi talab darajasida bajarilmagan.

Ijtimoiy-iqtisodiy maqsadlarga yoʼnaltirilgan markazlashgan investitsiyalar samaradorligini oshirish, davlat investitsiyalarini boshqarishni baholash (PIMA) tizimini joriy etish yuzasidan hukumat qarori qabul qilinmagan.

Madaniy meros obʼektlari elektron portalini yaratish, uni davlat elektron xizmatlari bilan integratsiya qilish, davlat kadastr hujjatini rasmiylashtirish va davlat kadastrlari yagona tizimiga tegishli axborotlarni joylashtirish ishlari yakuniga yetkazilmagan.

Hududlarda Yoshlar texnoparklari faoliyatini tashkil etish yuzasidan olib borilayotgan ishlar qoniqarsiz ahvolda ekanligi senatorlarning eʼtirozlariga sabab boʼldi.

Muhokamalar yakunida davlat dasturidagi barcha topshiriqlarni oʼz vaqtida va sifatli bajarilishini taʼminlash yuzasidan tegishli qaror qabul qilindi.