Davlat xizmatchilari tomonidan tadbirkorlik bilan shug‘ullanish Qonunan cheklandi

Prezident Shavkat Mirziyoyev “Davlat fuqarolik xizmati to‘g‘risida”gi Qonunni imzoladi. U 10 ta bob va 64 ta moddadan iborat.

Mazkur qonun 118 mingdan ortiq davlat fuqarolik xizmatchilarining faoliyati bilan bog‘liq barcha munosabatlarni yagona qoidalar asosida tartibga soladi.

Bundan buyon davlat fuqarolik xizmati tatbiq etiladigan barcha vazirlik va idoralarda xodimlarni ishga qabul qilish, faoliyati samaradorligini baholash, ularni xizmat pog‘onalarida o‘stirish, rag‘batlantirish yoki intizomiy jazolash va xizmatni tugatish masalalarida har xil yondashuvlarga barham beriladi.

Qonun bilan davlat xizmatchilari tomonidan:

yaqin qarindoshlikda bevosita bo‘ysunuv ostidagi lavozimni egallash;
tadbirkorlik bilan shug‘ullanish;
o‘z xizmatini bajarishi evaziga fuqarolardan mukofot olish;
O‘zbekistondan tashqarida hisobvaraqlar ochish;
chet davlat fuqaroligini olish kabi holatlarga cheklov o‘rnatildi.
Shuningdek, hujjat bilan korrupsiyaga oid jinoyatlarni sodir etgan shaxslarning davlat fuqarolik xizmatiga qabul qilinmasligi va boshqalar belgilandi.