Davlatimiz rahbari qurilish loyihalarining samaradorligiga e’tibor qaratdi

Prezident Shavkat Mirziyoyev bugun, 17-oktabr kuni qurilish loyihalari taqdimoti bilan tanishdi. Ulardan birinchisi Olimpiya shaharchasi haqida bo‘ldi. Navbatdagi taqdimotda esa, Parkent tumanida turizmni rivojlantirish loyihasi namoyish qilindi. Shuningdek, Surxondaryo viloyatidagi Hakim at-Termiziy maqbarasida ziyoratchilar uchun sharoitlarni kengaytirish rejalari ham ko‘rib chiqildi.
Olimpiya shaharchasi 2025-yilda Yoshlar o‘rtasidagi Osiyo o‘yinlarini o‘tkazishga mo‘ljallangan. Shunga muvofiq, xalqaro sport federatsiyalari talablariga javob beradigan olimpiya stadioni, yopiq va ochiq majmualar, suv sporti va eshkak eshish havzalari, mashg‘ulot joylari qurilishi loyihalashtirilgan.
Bu galgi taqdimotda mazkur yirik loyihaning tashkiliy-moliyaviy jihatlari ko‘rib chiqildi. Mutasaddilar bu borada xorijiy kompaniyalarning takliflari, qurilish materiallari va sport jihozlarini yetkazib berish jadvallari haqida axborot berdi.
Davlatimiz rahbari Olimpiya shaharchasini qurish bilan birga keyinchalik undan samarali foydalanish masalasiga alohida e’tibor qaratdi.
“Avvalo, ishlarni aniq rejali qilib, majmuani sifatli qurish, Osiyo o‘yinlarini yuqori saviyada o‘tkazish kerak. Yana bir muhim masala – keyinchalik bu shaharchadan qanday foydalanish. Shuning uchun musobaqadan so‘ng, bu yerni ham murabbiylar, ham sportchilarni tayyorlaydigan muassasaga aylantirish zarur. Ma’muriy binolarda Sportni rivojlantirish vazirligi va federatsiyalarni ham joylashtirish mumkin. Shunda bu yerda yaxlit sport muhiti bo‘ladi. Yoshlarimiz uchun sport inshootlari qurish bilan birga metodikani ham rivojlantirib borish kerak”, – dedi Shavkat Mirziyoyev.
Taqdimotda Parkent tumanida turizmni rivojlantirish loyihasi ham namoyish qilindi. Bu haqda shu yil 22-sentabr kuni Xalq deputatlari Toshkent viloyati kengashining sessiyasida aytilgan edi. Prezidentimiz viloyatda turizm imkoniyatlari juda yuqoriligini ta’kidlab, tumanlarda bundan foydalanish bo‘yicha ko‘rsatmalar bergan edi.
Shuningdek, taqdimotda Surxondaryo viloyatidagi Hakim at-Termiziy maqbarasida ziyoratchilar uchun sharoitlarni kengaytirish rejalari ham ko‘rib chiqildi.






