Davlatimiz rahbarining navbatdagi uchrashuvi Emomali Rahmon bilan bo’lib o’tmoqda

Bugun Oʼzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning hamkasblar bilan muzokaralar rejasi juda boy va tigʼiz. Аyni vaqtda davlatimiz rahbari Tojikiston Prezidenti Emomali Rahmon bilan ikki tomonlama va mintaqaviy kun tartibining eng dolzarb masalalarini muhokama qilmoqda.

Chegaraoldi savdo hududini yaratish, qoʼshma investitsiya fondi mablagʼlarini jalb qilgan holda kooperatsiya loyihalari sonini koʼpaytirish muhimligi taʼkidlanmoqda.

Shuningdek, uchrashuvda Samarqand sammiti yakunlari SHHT doirasidagi ko‘p tomonlama hamkorlikni yanada mustahkamlashi va tashkilotning xalqaro nufuzini yuksaltirishi shubhasiz ekani ta’kidlandi.

Prezidentlar birodar mamlakatlarimiz o‘rtasidagi do‘stlik va yaxshi qo‘shnichilik, strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlari izchil kengayib, mustahkamlanayotganini mamnuniyat bilan qayd etdilar.

Joriy yil boshidan o‘zaro savdo hajmi 16 foizga oshdi. Iqtisodiyotning turli tarmoqlarida, shu jumladan elektrotexnika, qishloq va suv xo‘jaligi, transport va boshqa sohalarda qo‘shma kooperatsiya loyihalari amalga oshirilmoqda.

Davlat rahbarlari mamlakatlarimiz va butun mintaqa manfaatlariga javob beruvchi loyiha - Yavan GESni barpo etish bo‘yicha ishlar boshlangani muhim ahamiyat kasb etishini qayd etdilar.