Dehli deklaratsiyasi qabul qilindi

Oʼzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 27-yanvar kuni videoanjuman shaklida bo’lib oʼtgan “Hindiston – Markaziy Osiyo” birinchi sammitida ishtirok etdi.
Hindiston Respublikasi Bosh vaziri Narendra Modi tashabbusi bilan tashkil etilgan tadbirda Qozogʼiston Respublikasi Prezidenti Qosim-Jomart Toqaev, Qirgʼiz Respublikasi Prezidenti Sadir Japarov, Tojikiston Respublikasi Prezidenti Emomali Rahmon va Turkmaniston Prezidenti Gurbanguli Berdimuhamedov ham qatnashdilar.
Mazkur sammitda davlat rahbarlari mintaqa mamlakatlari va Hindiston o’rtasidagi do’stona aloqalarini mustahkamlasah, hamkorlikni kengaytirish va siyosiy masalalar yuzasidan fikr almashdilar. Davlatimiz rahbari “Hindiston – Markaziy Osiyo” formatidagi amaliy hamkorlikni ilgari surishning strategik ustuvor yoʼnalishlarini belgilab, bu borada aniq takliflarni ilgari surdi.
Prezident birinchi ustuvor yo’nalish sifatida, mamlakatlar o’rtasida tibbiyot, farmatsevtika, ta’lim va IT sohalarida hamkorlik rishtalarini yanada rivojlantirishga alohida e’tibor qaratdi.
Ikkinchi strategik eng muhim ustuvor yo’nalish sifatida iqtisodiy shakllarni kengaytirish, tovar ayirboshlash sifatini yanada kuchaytirish, transport aloqalari samaradorligini oshirish va energetik samaradorlik – “yashil” taraqqiyot sohalarida Hindistonning ilg’or tajribasini o’rganish haqida to’xtalib o’tdi.
Shuningdek, uchinchi ustuvor yo’nalish sifatida esa madaniy-gumanitar soha qayd etildi.
Boshqa delegatsiyalar rahbarlari ham oʼz nutqlarida sheriklik munosabatlari va mintaqaviy hamkorlikni, savdo, investitsiyalar, innovatsiyalar, transport, infratuzilma, sanoat, qishloq xoʼjaligi, madaniyat va turizm sohalarida kengaytirish uchun katta imkoniyatlar borligini qayd etdilar.
Sammit yakunida Markaziy Osiyo davlatlari va Hindiston oʼrtasidagi doʼstlik munosabatlari hamda koʼp qirrali sheriklikni yanada mustahkamlashning muhim masalalariga doir umumiy yondashuvlar bayon qilingan Dehli deklaratsiyasi qabul qilindi.






