Dehlida O'zbek-Hind biznes-forumi bo’lib o’tdi

O'zbekiston hukumati delegatsiyasining Hindistonga tashrifi doirasida o’tkazilgan biznes forumda O'zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o'rinbosari - Investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Jamshid Xodjayev, Hindiston Respublikasi Savdo va sanoat davlat vaziri Anupriya Patel, tegishli vazirlik, idora, tarmoq birlashmalari rahbarlari, shuningdek, ikki mamlakat ishbilarmon doiralarining 50 dan ortiq vakillari ishtirok etdi.
Forumning ochilish marosimidagi ma'ruzalarida delegatsiyalar rahbarlari O'zbekiston va Hindiston o'rtasidagi munosabatlar so'nggi besh yil ichida sifat jihatidan yangi bosqichga ko'tarilganini ta'kidladilar.
Tadbir davomida O'zbekiston tomoni hamkorlikning barcha yo'nalishlari bo'yicha foydalanilmayotgan resurslarni safarbar etish bo'yicha tashabbuslar bilan chiqdi. Hamkorlikning istiqbolli yo'nalishlari sifatida qishloq xo'jaligi ekinlarini yetishtirish va yuqori talabga ega oziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqarishga ixtisoslashgan qo'shma korxonalar tashkil etish orqali agrosanoat kooperatsiyasi, IT-sektor va infratuzilmaviy loyihalarga investitsiyalar kiritish, farmatsevtika mahsulotlarini birgalikda ishlab chiqarish va ularni uchinchi mamlakatlarga eksport qilish, to'qimachilik sanoatida yaqin hamkorlik qilish, shuningdek, qurilish materiallari ishlab chiqarish sohalariga urg'u berildi.
Biznes-forum dasturi doirasida O'zbekiston iqtisodiyotining turli sohalaridagi investitsiyaviy salohiyatining taqdimotlari ham bo'lib o'tdi. Muzokaralarning "B2B" sessiyasi ishbilarmon doiralarning o'zaro aloqalarni kengaytirish va birgalikda ishlashga bo'lgan qiziqishini ochib berdi, unda tadbirkorlar va investorlar o'zaro tanishishlari, manfaatlar kesishadigan nuqtalarini kashf etib, yaqin kelajakda mustahkam kelishuvlarga erishish uchun yangi istiqbolli g'oyalarni muhokama qilish imkoniga ega bo'ldi.






