Deloitte "Qizilqumsement" AJ (QZSM) davlat ulushini xususiylashtirish bo'yicha maslahatchi sifatida tanlandi

O'zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 27 oktyabrdagi PF-6096-sonli "Davlat ishtirokidagi korxonalarni isloh qilishni jadallashtirish hamda davlat aktivlarini xususiylashtirish chora-tadbirlari to'g'risida"gi Farmoni doirasida xususiylashtirishga qadar tayyorgarlikni amalga oshirish va investitsiya jozibadorligini oshirish orqali "Qizilqumsement" AJ ustav kapitalidagi aksiyalar paketini 86,9 foiz miqdorida sotish nazarda tutilgan.

Farmonga muvofiq, korxonalarning investitsiya jozibadorligini oshirish va xususiylashtirish uchun konsalting tashkilotlarini jalb qilish ko'zda tutilgan.

Bugungi kunda mamlakatda yaratilgan qulay investitsiya muhiti va ilgari tasdiqlangan dasturlar doirasida ko'plab sement ishlab chiqarish quvvatlarini ishga tushirilishi natijasida 2021 yil oxiriga kelib sement bozorida raqobatning sezilarli o'sishi kutilmoqda.

Yuqoridagilarni inobatga olgan holda, "Qizilqumsement" AJ aksiyalar paketini sotishga tayyorgarlik ko'rish va korxonani o'zgartirish masalasini o'rganish maqsadida Davlat aktivlarini boshqarish agentligi huzuridagi "UzAssets" investitsiya kompaniyasi va "Qizilqumsement" AJ tomonidan “katta to’rtlik” kompaniyalari ro’yxatiga kiruvchi “Deloitte” xalqaro konsalting kompaniyasi jalb qilinadi.

“Deloitte” korxonasi faoliyati, shu jumladan ishlab chiqarish binolarining holati va ulardan foydalanish, bozor dinamikasi, shuningdek, mintaqaning iqtisodiyoti va ijtimoiy sohasi uchun ahamiyatini har tomonlama o'rganib chiqadi. Ushbu tahlil asosida korxonani sotishda hisobga olinishi kerak bo'lgan asosiy mezonlarning ro'yxati shakllantiriladi, shuningdek, korxonani investorlarga oldindan sotishga tayyorlash bo'yicha keyingi choralar ko'riladi.

Shu bilan birga, olib borilayotgan ishlarning asosiy maqsadi kelajakda kompaniya faoliyatini yanada rivojlantirish va bozorda o'z mavqeini mustahkamlashdan iboratdir.