Dollarning kursi ko'tarilishi endi tadbirkorlarga muammo tug'dirmaydi

Hozirgi kunda yuzaga kelgan eng katta muammo - bank va mijoz o'rtasidagi muvozanatning buzilishi va shartnoma majburiyatlarini o'z vaqtida bajarmaslikdir.
Tadbirkorlar bilan uchrashuvda Prezident bu masalaga to'xtalib, dollar kursi ko'tarilsa, tadbirkorga zarar yetkazmaydigan tizim joriy etilishini ta'kidladi.
Shuningdek, moliya vazirligi va uning hududiy filiallari huzurida valyuta xatarlarini boshqarish bo'yicha kompaniya tashkil etish ko'zda tutilgan. Ushbu kompaniya banklar tomonidan chet el valyutasida jalb qilinayotgan mablag'larni so'mga o'tkazib, kreditni ichki bozorda faqat milliy valyutada berish uchun zarur sharoit yaratadi. Ya'ni, dollar yoki evroning ko'tarilishi tadbirkor uchun qo'shimcha xarajatlar yaratmaydi.
Kelgusi yilda banklarga tiklanish va taraqqiyot jamg'armasidan bozor tamoyillari asosida qo'shimcha 600 million dollar ajratiladi. Ushbu mablag'lar davlat va xususiy banklarga tanlov asosida taqdim etiladi. Bank eng yaxshi biznes-rejani, yuqori rentabellikga ega va eng ko'p ish o'rinlarini yaratadigan loyihani taqdim etsa, bu mablag'lar ushbu banklarga beriladi. Bu haqda O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputati Xo'jamqulov Hazratqulov ma'lum qildi.






