Dunyoda koronavirusga chalinish koʼrsatkichi 17 foizga kamaygan

Jahon sogʼliqni saqlash tashkilotining soʼnggi bayonotiga koʼra, 24-30-oktabr kunlari Yer yuzida 2,3 milliondan ortiq kishiga koronavirus tashxisi qoʼyildi. Ulardan 9,3 ming nafardan ziyodi xastalik oqibatida hayotdan koʼz yumdi. Tahlillarga koʼra, bu davrda xastalanish holatlari undan avvalgi haftaga nisbatan 17 foizga kamaygan.

Xususan, sezilarli pasayish dinamikasi Аfrika (-39 foiz) va Yevropa (-34 foiz) mamlakatlarida qayd etilgan. Shimoliy va Janubiy Аmerika hamda Gʼarbiy Tinch okeani mintaqasi davlatlarida esa koʼrsatkichlar 5 foiz oʼsishi kuzatilgan.

Shuningdek, oʼtgan haftada COVID-19 dan oʼlim statistikasi 5 foizga kamaygan. Bu holat asosan Yevropa (-31 foiz) va Sharqiy Oʼrta yer dengizi mintaqasi mamlakatlarida (-15 foiz) roʼyxatga olingan. Аfrika (+55 foiz), Аmerika (+23 foiz), Janubi-Sharqiy Osiyo (+13 foiz) mintaqasida esa buning aksi qayd etilgan.