EIZ hududidagi yangi loyihalar

Joriy yilning 30-yanvar kuni Oʼzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʼrinbosari - Investitsiyalar va tashqi savdo vaziri S.Umurzakov rahbarligidagi ishchi guruh Navoiy viloyatiga borib, u yerdagi investitsiyaviy faoliyatning tahlilini oʼtkazdi hamda viloyatda amalga oshirilayotgan loyihalarni oʼrganib chiqdi.

“Navoiy” erkin iqtisodiy zonasi hududida amalga oshirilayotgan loyihalarning bugungi holatiga alohida eʼtibor qaratildi. Mazkur EIZ hozirgi vaqtda yangi yirik sanoat korxonalari tashkil etilishi mumkin boʼlgan foydalanilmayotgan, boʼsh maydon va infratuzilmaviy salohiyatga ega ekanligi taʼkidlandi.

Shu munosabat bilan, import oʼrnini bosuvchi mahsulotlar ishlab chiqarishni mahalliylashtirish va yuqori texnologiyali ishlab chiqarishlarni tashkil etish uchun yanada qulay shart-sharoitlar yaratish orqali EIZ hududida yangi loyihalarni amalga oshirishga investorlar va tadbirkorlarni jalb qilishni kuchaytirish boʼyicha takliflar ishlab chiqish topshirildi.

Shuningdek, ishchi guruh bir qator sanoat obyektlariga tashrif buyurib, ishlab chiqarish jarayoni bilan tanishdi hamda loyihalar tashabbuskorlari bilan ular faoliyatini yanada kengaytirish boʼyicha rejalarni va mavjud muammolarni muhokama qildi.