Eksport faoliyatini ragʼbatlantirish boʼyicha dolzarb vazifalar muhokama qilindi

Joriy yilning 28-mart kuni videokonferensiya tarzida Oʼzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʼrinbosari - Investitsiyalar va tashqi savdo vaziri S.Umurzakov rahbarligida tashqi savdo faoliyatining bugungi holati va uni ragʼbatlantirish boʼyicha navbatdagi chora-tadbirlarni muhokama qilishga bagʼishlangan yigʼilish boʼlib oʼtdi.

Yigʼilishda tegishli vazirliklar, idoralar, tarmoq birlashmalari, tijorat banklari hamda Qoraqalpogʼiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrining mahalliy hokimiyat organlari rahbarlari ishtirok etdi.

Mutasaddi rahbarlar tarmoqlar va hududlar kesimida eksport faoliyatining bugungi holati, mahalliy ishlab chiqaruvchilar va eksportchilarni qoʼllab-quvvatlash boʼyicha koʼrilayotgan chora-tadbirlar va bu borada mavjud muammolar yuzasidan hisobot berdilar. Tadbirkorlar va eksportchilar muammolarini hal qilishda ularni qoʼllab-quvvatlash boʼyicha olib borilayotgan ishlarning sustligi tufayli alohida rahbarlar faoliyati qattiq tanqid qilindi.

Jumladan, Qoraqalpogʼiston Respublikasi, Аndijon, Buxoro, Jizzax, Qashqadaryo, Navoiy, Namangan, Samarqand, Sirdaryo, Toshkent, Fargʼona, Xorazm viloyatlarining tuman va shaharlari hokimlarining 31 nafar oʼrinbosari, shuningdek, "Oʼztoʼqimachiliksanoat" uyushmasi va "Oʼzsanoatqurilishmateriallari" uyushmasi kabi tarmoq birlashmalari rahbarlari intizomiy javobgarlikka tortildi.

Yuqorida qayd etilgan rahbarlarga eksportchilar bilan viloyat, tuman, shahar va mahallalar darajasida manzilli hamkorlikni faollashtirish vazifasi qoʼyildi. Eksportga yoʼnaltirilgan korxonalarning uzluksiz ishlashini taʼminlash, ularni ishlab chiqarish va eksport faoliyatida har tomonlama qoʼllab-quvvatlash masalalariga korxonalarga biriktirilgan xodimlar tegishli idoralar rahbarlari bilan birga shaxsan javobgar ekanligi qayd etildi.