Eksport sohasidagi muhim vazifalar

Joriy yilning 20 - dekabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari – Investitsiyalar va tashqi savdo vaziri S.Umurzakov eksport faoliyatining bugungi holatini o‘rganish va mamlakatimiz eksportchiligini amaliy qo‘llab-quvvatlashga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishini o‘tkazadi.
Yig’ilishda vazirliklar, idoralar, tarmoq birlashmalari hamda Qoraqalpog’iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar mahalliy hokimiyat organlarining rahbarlari ishtirok etdi.
Tarmoqlar va hududlar kesimida tashqi savdo faoliyatining joriy holati tahlil qilindi. Vazirlik va idoralar mas’ul rahbarlarining eksport salohiyatini yuksaltirish, eksport faoliyatini rag’batlantirish va eksportchi tadbirkorlar bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘yish borasida amalga oshirilayotgan ishlar yuzasidan hisobotlari tinglandi.
Korxonalarga oldindan to‘langan qo‘shilgan qiymat solig‘ini summalarini qaytarish, eksportga yetkazib berish, debitorlik qarzlarini undirish, aylanma mablag‘larga bo‘lgan ehtiyojni qondirish, chet ellik mijozlarni topish, infratuzilmaviy kommunikatsiyalaridan uzluksiz foydalanish va boshqa dolzarb masalalarni hal etishda amaliy yordam ko’rsatish muhimligi qayd etildi.
Vazirliklar, idoralar, tarmoq birlashmalari, tijorat banklari va mahalliy davlat hokimiyati organlari rahbarlariga foydalanilmayotgan resurslar va imkoniyatlarni ishga tushirish, eksportni keskin oshirish bo‘yicha eksportchilar bilan bevosita hamkorlik qilish bo‘yicha topshiriqlar berildi.
Muhokama yakunida mutasaddillarga ko‘rib chiqilgan masalalar yuzasidan qo’shimcha ko’rsatmalar berildi.






