Elektron kooperatsiya portali orqali 272,4 milliard soʼmlik 779 ta shartnomalar tuzildi

Fargʼona shahrida Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi tomonidan Fargʼona viloyati hokimligi bilan birgalikda tashkil etilgan hududiy tarmoqlararo sanoat yarmarkasi boʼlib oʼtdi. Tadbirning ochilish marosimida Investitsiyalar va tashqi savdo vazirining birinchi oʼrinbosari А.Voitov ishtirok etdi.

Yarmarka uchun “SАMO” sport majmuasining 2,8 ming kv.m. yopiq va 1,7 ming kv.m. ochiq maydonlaridan foydalanildi. Tadbirda toʼqimachilik, charm-poyabzal, mebel, neft-gaz, elektrotexnika, qurilish materiallari, farmasevtika kabi sohalarga ixtisoslashgan 1800 dan ziyod Oʼzbekiston korxonalari, hunarmandlar, shuningdek, Tojikiston va Qirgʼizistondan tadbirkorlar qatnashdi.

Hamkorlikni rivojlantirish maqsadida B2B tarzida tashkil qilingan uchrashuv va muzokaralar Qirgʼiziston va Tojikistondan tashrif buyurgan 40 dan ortiq ishbilarmonlar bilan oʼzaro manfaatlar kesishadigan nuqtalarni topishga imkon berdi.

Koʼrgazmaga tashrif buyuruvchilar uchun Fargʼona viloyat hokimligi, Innovatsion rivojlanish vazirligi, “Oʼzeltexsanoat”, “Oʼzcharmsanoat”, “Oʼzqurilishmateriallari” uyushmalari, “Oʼzkimyosanoat” АJ, “Navoiyazot” АJ, “Imkon plast” MChJ, Texnopark MChJ (Prolayn), Farmasevtika sanoatini rivojlantirish agentligi hamda ishlab chiqarishda asosiy tendensiyalarni shakllantiruvchi qator kompaniyalar tomonidan tadbirkorlar va eksportchilarni davlat tomonidan qoʼllab-quvvatlash chora-tadbirlari toʼgʼrisida taqdimotlar oʼtkazildi.

Yarmarka yakunlari boʼyicha Elektron kooperatsiya portali orqali 272,4 milliard soʼmlik 779 ta shartnomalar tuzildi, shundan hududiy korxonalar tomonidan mahsulot sotib olish boʼyicha 109,2 milliard soʼmlik 140 ta, hamda mahsulot yetkazib berishga doir 257,2 milliard soʼmlik 648 ta shartnoma tuzildi. Bundan tashqari, yarmarka davomida umumiy qiymati 10916,67 million soʼmga teng boʼlgan 14 ta hamkorlik toʼgʼrisida memorandum imzolandi.