Emine Erdo'g'anni hayratda qoldirgan Samarqand madaniy xazinalari

Mamlakatimizda bo’lib o’tgan ShHT sammitiga turmush o’rtog’i bilan tashrif buyurgan Turkiya Prezidentining rafiqasi Emine Erdo’g’an Prezidentimiz turmush o’rtog’i Ziroat Mirziyoyeva bilan Samarqand shahrini aylandi.
Bu haqida Emine Erdo’g’an o’z Instagram sahifasida yozib qoldirgan. Xonimning ta’kidlashicha, qadimiy Samarqand madaniy xazinalari uni hayratda qoldirgan.
“O‘zbekistonning qadim Samarqand shahrida xonim Ziroat Mirziyoyeva bilan Konigil qog‘oz fabrikasini ziyorat qildik. Ikki ming yil davomida buzilmagan holda saqlanib qolgan Samarqand qog‘ozining sarguzashtlari menda hayrat uyg‘otdi",- deya yozib qoldirgan Turkiya Prezidentining rafiqasi Emine Erdo’g’an.
Shuningdek, “Barhayot o‘zbek qishloq muzey”ida esa hamon saqlanib kelayotgan ajdodlardan qolgan odatlarni ko‘rish va tanishishga muyassar bo‘ldim. Vaqtga qarshi turadigan bu maskan ham tabiat bilan chambarchas bog‘langan”,- deya o'z postiga izoh yozadi Emine Erdo‘g‘an.
Turkiya Birinchi xonimi Samarqand ming yillar davomida g‘arb va sharqni birlashtirgan madaniy xazina sifatida yashab qolayotganini ham qayd etgan.
Sayohat davomida Ziroat Mirziyoyeva Emine Erdo’g’anni Samarqand noni bilan mehmon qilgan. Shuningdek, xonimlar mato to’qish fabrikasida ham bo’lgan.






