Endi jinsiy zo‘ravonlikda ayblanganlarga insonparvarlik akti qoʻllanilmaydi

Oliy Majlis Senatining bugungi yalpi majlisida senatorlar xotin-qizlar va bolalarni zoʻravonlikdan himoya qiluvchi qonunni maʼqulladi.

Mazkur qonun bugungi kunda xotin-qizlar hamda voyaga yetmaganlarga nisbatan sodir etilayotgan turli xil zo‘ravonlik holatlariga nisbatan qat’iy jazo choralarini belgilash bilan bir qatorda bunday salbiy holatlarning oldini olishga qaratilgan.

Qonunga binoan:

• jinsiy zo‘ravonlikda ayblanganlar muddatidan ilgari shartli ozod qilinmaydi, jazosi yengiliga almashtirilmaydi;

• jinsiy zo‘ravonlikka uchragan shaxslarning yosh chegarasi bekor qilinadi;

• xotin-qizlar va voyaga yetmaganlarga jinsiy tajovuz qilgan jinoyatchining muayyan joylarga borishi taqiqlanadi;

• voyaga yetmaganlarga nisbatan jinsiy zo‘ravonlikni sodir etgan shaxslarning bolalarga taʼlim-tarbiya berishi, bolalar bilan bevosita ishlashni nazarda tutuvchi faoliyat turlari bilan shug‘ullanishi taqiqlanadi.