Endi O‘zbekiston muzeylari yangicha uslubda faoliyat olib boradi

O‘zbekiston Prezidentining “Muzeylarda xizmat ko‘rsatish va servis sohasini rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori bilan 2022-yil 1-iyuldan boshlab muzeylarda xizmat ko‘rsatish sohasini kengaytirish tartibi belgilanadi.

Endilikda:

Davlat muzeylari tashrif buyuruvchilarga har kuni soat 22:00 gacha xizmat ko‘rsatishi mumkin;
Zarur hollarda muzeylar tungi vaqtda ishlash muddatini belgilashi mumkin;
Muzey xodimlari pullik xizmatlar ko‘rsatishda ishtirok etishlari uchun moddiy rag‘batlantiriladi;
Davlat muzeylariga joriy etilgan xizmatlarni ko‘rsatish uchun qo‘shimcha xodimlarni jalb qilishga ruxsat etiladi;
Davlat muzeylari tomonidan xizmatlar ko‘rsatishni joriy etish bilan bog‘liq xarajatlar mahalliy budjetlarning qo‘shimcha manbalari, muzeylarning budjetdan tashqari jamg‘armalari, Madaniy meros fondi mablag‘lari hisobidan amalga oshiriladi.
Bundan tashqari, 1-iyuldan “Milliy merosga mening hissam!” umumxalq aksiyasini muntazam o‘tkazish rejalashtirilgan. Aksiya davlat muzeylari tomonidan aholidan madaniy boyliklarni sotib olishni rag‘batlantirish va ommalashtirishga qaratilgan.