Endilikda dori vositalari reklamasida taniqli shaxslarning ishtirokidan foydalanish taqiqlanadi

Senatning yigirma to‘rtinchi yalpi majlisida yangi tahrirdagi “Reklama to‘g‘risida”gi Qonun ko‘rib chiqildi.
Qonunchilik va huquqni qo‘llash amaliyoti hamda xorijiy tajribadan kelib chiqqan holda reklamaga qo‘yilgan talablar kuchaytirilib, yangi normalar kiritilmoqda.
Jumladan, darsliklar va daftarlarda reklama joylashtirish, reklama narxlarini xorijiy valyutada ko‘rsatish, axloq va ma’naviyatning umum qabul qilingan normalariga zid keluvchi shakl, ibora, va obrazlardan foydalanish, tovarning asosiy xususiyatlari to‘g‘risidagi ma’lumotlarni iste’molchidan yashirish taqiqlanmoqda.
Qonunning yana bir muhim jihati voyaga yetmaganlarni reklamadan, xususan uning salbiy ta’siridan himoya qiluvchi va reklamada voyaga yetmaganlar ishtirokini cheklovchi yangi normalar bilan to‘ldirilganidir.
Jumladan, voyaga yetmaganlarni xavfli vaziyatlarda ko‘rsatish taqiqlanmoqda.
Bundan tashqari, Qonunda dori vositalari reklamasiga qat’iy talablar o‘z aksini topgan. Endilikda taniqli shaxslarning, tibbiyot xodimlarining yoki tashqi ko‘rinishi shifokorlarning tashqi ko‘rinishiga o‘xshash shaxslarning ishtirokidan foydalanish taqiqlanadi.
Senatorlar muhokamada Qonunda bayon etilgan ayrim moddalarning hayotga tatbiq etilishi bilan bog‘liq jarayonlarga ham e’tibor qaratdi.
Xususan, ayrim turdagi reklama vositalari orqali reklama tarqatishning o‘ziga xos xususiyatlari, jumladan, televideniye, radio, bosma OAV, telekommunikatsiya tarmoqlari va Internet jahon axborot tarmog‘ida tarqatiladigan reklamaga qo‘yiladigan talablar birma-bir ko‘rib chiqildi.
Telekanallar efirida tarqatilayotgan reklamaning umumiy davomiyligi ko‘rsatuv vaqtining bir soati davomida yigirma foizdan, biroq bir sutkada ko‘rsatuv vaqtining o‘n besh foizidan oshishi mumkin emas.
Davomiyligi o‘n daqiqadan kam bo‘lgan teleko‘rsatuvlarni reklama bilan uzib qo‘yishga va reklama bilan birga namoyish etishga yo‘l qo‘yilmaydi.






