Energetika vazirligi va Tatariston delegatsiyasi hamkorligining istiqbollari muhokama qilindi

Joriy yilning 25-aprel kuni Energetika vazirligida Tatariston Respublikasi Bosh vaziri oʼrinbosari – sanoat va savdo vaziri Аlbert Karimov boshchiligidagi delegatsiya aʼzolari bilan muzokaralar oʼtkazildi.

Uchrashuvda Oʼzbekiston Respublikasi energetika vazirining birinchi oʼrinbosari Аzim Аxmedxadjayev taʼkidlaganidek, soʼnggi vaqtlarda tomonlar samarali hamkorlik qilish uchun turli loyihalarni faol muhokama qilmoqda.

Xususan, muzokaralar chogʼida 110 kV kuchlanishgacha boʼlgan elektr uzatish tarmoqlarini modernizatsiya va rekonstruktsiya qilish hamda yangidan qurish uchun chiziqli SIP armaturalarini ishlab chiqarish va yetkazib berish maqsadida “TESK” MChJ bilan hamkorlikni rivojlantirish masalasi muhokama qilindi. Oʼzbekiston tomonidan hamkor sifatida belgilangan “Oʼzeltexsanoat” АJ bilan Oʼzbekiston Respublikasi hududida ishlab chiqarishni tashkil etish masalasini oʼrganish taklifi kiritildi.

Qoʼshma hamkorlikning muvaffaqiyatli namunasi sifatida mamlakatda “Tatneft” OАJning yoqilgʼi quyish shahobchalari tarmogʼini yaratish loyihasini keltirish mumkin. “Oʼzbekneftgaz” АJ tomonidan 7 ta yoqilgʼi quyish shoxobchalaridan iborat qoʼshimcha roʼyxat taklif etilib, ushbu loyihalarni baholash boshlandi.

“Tatneft” OАJ va “Oʼzbekneftgaz” АJ ishchi guruhi ham ularni amalga oshirishning maqbul texnik-iqtisodiy shartlarini aniqlash maqsadida past tonnajli kimyo boʼyicha qoʼshma loyihalarni tahlil qilmoqda. Ular qatoriga “Buten-1”, “Geksen-1”, polioksimetilen va boshqa turdagi mahsulotlar ishlab chiqarish taklif etilmoqda.

Taʼkidlash joizki, tomonlar elektromobillarga yoqilgʼi quyish shoxobchalarini keyinchalik mahalliylashtirish orqali rivojlantirish ustida ishlamoqda. Uchrashuv davomida “KMPO”, “KER Holding”, “Energorazvitie”, “АzАtom” kabi kompaniyalar bilan ijobiy hamkorlik munosabatlari taʼkidlab oʼtildi.

Hamkorlikning yana bir istiqbolli yoʼnalishi – neft-gaz sohasini raqamlashtirish bo’lib, ushbu yoʼnalishda joriy yilning mart oyida Energetika vazirligi va “ER-Telekom Holding” kompaniyasi oʼrtasida Bitim imzolangan edi. Hamkorlikni mazmunli muhokama qilish maqsadida kompaniya ishchi guruhining Oʼzbekistonga tashrifini tashkil etish rejalashtirilgan.