Eng muhimi - xalqimizga munosib yashash sharoiti va ish o‘rinlari yaratish

Prezident Shavkat Mirziyoyev joriy yilning 6-aprel kuni Toshkent shahridagi qurilish loyihalari, jumladan Yangi Oʼzbekiston koʼchasi, "Yangi Oʼzbekiston" bogʼi, "Toshkent-Sharqiy" aeroporti va Olimpiya shaharchasida quriladigan inshootlar taqdimoti bilan tanishdi.
Poyatxtimizning muhim yo‘llaridan biriga aylanib borayotgan Yangi O‘zbekiston ko‘chasi bo‘yida 610 gektar maydonda uy-joylar, mehmonxonalar, kinoteatr, restoranlardan iborat zamonaviy majmualar qurish rejalashtirilgan. Davlatimiz rahbari avvalo mazkur loyiha maketini ko‘zdan kechirdi.
Prezidentimiz loyihani ma’qullab, uylarni energiyatejamkor qilib qurish, issiq va sovuqda mo’tadil bo‘lishini ta’minlash bo‘yicha tavsiyalar berdi. Ish o‘rinlarini ko‘paytirishga alohida e’tibor qaratish zarurligi ta’kidlandi.
“Eng muhimi - xalqimizga munosib yashash sharoiti va ish o‘rinlari yaratish”, deya ta’kidladi davlatimiz rahbari.
Hisob-kitoblarga ko‘ra, binolarda 1 million 700 ming kvadrat metr savdo va xizmat ko‘rsatish maydoni bo‘ladi. Buning negizida 14 mingdan ortiq ish o‘rni tashkil etiladi. Shuningdek, ushbu ko‘chada joylashgan «Toshkent-Sharqiy» aeroporti infratuzilmasini rivojlantirish, yo‘lovchilar uchun zamonaviy sharoitlar yaratish choralari ham belgilandi.
30-yanvar kuni o‘tkazilgan taqdimotda mahalla markazlari barpo etish loyihasi ko‘rib chiqilgan edi. Bu gal Prezident ko‘rsatmalari asosida qayta ishlangan loyiha taqdimot qilindi. Unga ko‘ra, bunday markazlarda stadion, o‘yin maydonchalari, kutubxona, kompyuterxona, oshxona, hammom va boshqalar bo‘ladi.
Ma’lumki, 2025-yilda Toshkent shahrida Yoshlar o‘rtasidagi Osiyo o‘yinlari o‘tkazilishi rejalashtirilgan. Bu nufuzli musobaqa uchun poytaxtimizning Yashnobod tumanida Olimpiya shaharchasi qurilishi loyihalashtirilgan. Loyihaga ko‘ra, shaharcha markazida olimpiya stadioni, uning ikki yonida yopiq sport majmualari, suv sporti saroyi, mashg‘ulot maydonchalari, eshkak eshish havzasi barpo etiladi. Ma’muriy bino, yotoqxona, muzey va xo‘jalik obyektlari ham quriladi.






