Erdo‘g‘an Mirziyoyevga Turkiyaning ilk milliy elektromobilini sovg‘a qiladi

Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an mamlakatida ishlab chiqarilayotgan ilk milliy elektromobilni O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevga sovg‘a qiladi. Bu haqda uning oʻzi 3 aprel kuni jurnalistlar bilan boʻlib oʻtgan suhbatda maʼlum qildi.

TRT Haber nashriga koʻra, kecha Anqaradagi Turkiya Prezidenti majmuida Togg T10X elektromobili kalitlarini tantanali topshirish marosimi bo‘lib o‘tgan. Oʻsha kuni Erdo‘g‘an va uning rafiqasi Emine Erdo‘g‘an Togg T10X elektromobilining birinchi egasiga aylangan.

Avtomobilning sinov jarayoni nihoyasiga yetgach, Turkiya yetakchisi jurnalistlar bilan suhbat qilgan va ularning "Ozarbayjon Prezidentiga avtomobil sovgʻa qilindimi?" degan savoliga ham javob berib oʻtgan.

“Ertaga yetkaziladi. Uning rangi qizil. Chunki Ilhom Aliyev shunisidan xohladi. O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevga ham yuboriladi. Bu tez orada amalga oshishi kutilmoqda”, degan u.

Maʼlumot uchun, Togg T10X elektromobilining narxi 1 million 55 ming lira (taxminan 55 ming 600 dollar), uzoq masofali modeli esa 1 million 215 ming lira (taxminan 64 ming dollar)ni tashkil qiladi.