Erdoʻgʻan zilziladan jabrlanganlarga yangi uy kalitlarini topshirdi

Turkiya Prezidenti Rajab Tayyip Erdo‘g‘an Gaziantep viloyati Nurdagi tumanining Belpinar qishlog‘i, Qahramanmarash viloyatining Mestxuyuk va Turkog‘lu O‘zbek qishloqlaridagi xususiy uylarning kalitlarini fevral oyidagi vayronkor zilzila oqibatida jabrlanganlarga topshirdi. Bu haqda “Anadolu” xabar berdi.
“6-fevraldagi dahshatli zilzilalardan 15 kun o‘tib, yangi xususiy uylarning poydevori qo‘yildi. Tabiiy ofat zonasida jami 507 ming xonadon va 143 ming xususiy uy quriladi. Ularning 319 mingtasi bir yil ichida foydalanishga topshiriladi. 60 mingga yaqin xonadonning poydevori qo‘yildi. Bu ish uzluksiz davom etmoqda. Bizning vazifamiz – zilziladan jabr ko‘rgan fuqarolarni barcha qulayliklarga ega yangi, zamonaviy uylarga tezroq ko‘chirish”, degan Turkiya yetakchisi.
Shuningdek, u Gaziantep shahrida rejalashtirilgan 50 ming xonadonga qo‘shimcha ravishda yana 50 ming xonadon qurilishini aytdi. Bundan tashqari, zilzilalardan jabr ko‘rgan fuqarolarni qo‘llab-quvvatlash har tomonlama davom etishiga ishontirdi.






