Eron va Oʼzbekiston ishbilarmonlari oʼrtasida 200 million dollarlik shartnomalar imzolandi

Joriy yilning 21-fevral kuni Tehron shahrida Oʼzbekiston-Eron biznes-forumi boʼlib oʼtdi. Unda ikki mamlakat hukumati va ishbilarmon doiralari vakillari ishtirok etdi. Tadbirda Oʼzbekiston delegatsiyasiga Bosh vazir oʼrinbosari - Investitsiyalar va tashqi savdo vaziri S.Umurzakov, Eron tomoniga esa iqtisodiy masalalar boʼyicha vitse-prezident Muhsin Rizoiy Mirhayot boshchilik qildi.

Tadbirda ikki mamlakat iqtisodiyotlari oʼzaro manfaatli tarzda bir-birini toʼldirib turgani va bu bilan toʼqimachilik, kimyo, farmatsevtika, elektrotexnika, biotibbiyot, qurilish materiallari ishlab chiqarish va qishloq xoʼjaligi kabi sohalarda hamkorlikni yanada kengaytirish uchun zarur shart-sharoitlar yaratilayotganligi taʼkidlandi. Hozirgi kunga kelib parrandachilik, baliqchilik, oziq-ovqat sanoati va qurilish materiallari ishlab chiqarish sohalarida yirik loyihalar muvaffaqiyatli amalga oshirildi. Soʼnggi 5 yil ichida esa, Oʼzbekistonda Eron kapitali ishtirokidagi korxonalar soni 4 baravar koʼpaydi.

Forum ikki mamlakat ishbilarmon doiralari vakillarining “B2B” formatidagi uchrashuvlariga ham boy boʼldi. Ular davomida Oʼzbekistonda qoʼshma investitsiyaviy loyihalarni amalga oshirish imkoniyatlari muhokama qilindi.

Tadbir yakunida ikki mamlakat delegatsiyalari rahbarlari oʼzaro manfaatli aniq kelishuvlarga erishish maqsadida forum ishtirokchilarini yaqin va samarali hamkorlikka chaqirdilar. Forum yakunlari boʼyicha Eron va Oʼzbekiston ishbilarmonlari oʼrtasida qiymati qariyb 200 million dollarlik qator investitsiyaviy bitimlar va savdo shartnomalari imzolandi.