Eski muhr bilan sotilgan yerlar

Kuni kecha O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti “Yer munosabatlarida tenglik va shaffoflikni ta’minlash, yerga bo‘lgan huquqlarni ishonchli himoya qilish va ularni bozor aktiviga aylantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmonini imzoladi.

Albatta, mazkur farmon ham o‘z vaqtida chiqqan me’yoriy xujjat bo‘ldi. Ochiq tan olish lozim, so‘nggi yillarda yer masalasi korrupsiyaning iniga aylanib ulgurgan edi. Ijtimoiy tarmoqlarni kuzatar ekansiz hali u hokim o‘rinbosari, hali bu fermer yer sotib pora bilan qo‘lga tushgani haqidagi ma’lumotlar yashin tezligida tarqalar edi.

Ming afsuski, mazkur og‘riqli masala shu darajaga yetgan ediki, uddaburon amaldorlar bir vaqtlar o‘zining foydasi uchun oldindan harakatni puxta qilib qo‘ygandi. Mustaqillik yillarida sobiq qishloq sovetlari muhri bilan fuqarolarga yer-uchastkalari sotib, boylik orttirganini boshqa yana qanday atash mumkinligini bilmaymiz. Masalan, poytaxtning deyarli ichiga kirib ketgan, anklaf hududlardan hisoblangan Toshkent viloyatining Zangiota tumani Xonobod qishlog‘ida bir vaqtlar yuzlab gektar yerlar dehqonchilik va bog‘dorchilik maqsadlarida foydalanilgan. Albatta, bundan aholi ham manfaatdor bo‘lgan. Dehqonchilik qilib, ro‘zg‘or tebratgan.

Keyinchalik, fermer xo‘jaligiga aylantirilgach esa yerga xo‘jasizlarcha munosabatda bo‘lish, uning ortidan boylik orttirish boshlan. Ya’ni fermer xo‘jaliklariga tegishli yerlar sekin-asta aholiga ma’lum miqdordagi pul evaziga ajratib berila boshlandi. Mustaqillik yillarida ajratilayotgan yerlarning xujjatlariga esa 80-90 yillarning qishloq sovetiga tegishli muhrlar bosilgandi. Hudud shahar tumanlariga qo‘shilarmish degan gap chiqqach noqonuniy yer savdosi yana ham avjiga chiqdi. Bu jarayonlar bir necha yil davom etdi. Bugunga kelib esa bu joyda deyarli yer qolmadi, hisob. Barchasi ana shu zaylda yo tadbirkorlarga yoki fuqarolar pullandi. Yerlarni olayotganlarga tezda kadastr xujjatlarini tayyorlatib olish va vaqtinchalik bo‘lsada bino solish shart qilib qo‘yilardi.

Agar ahamiyat berilsa, yerlarni sotib olganlar boylar, o‘ziga to‘q aholi vakillari yoki amaldorlar ekanligini ko‘rish mumkin.

Ming afsuski bu kabi misollarni yurtimizning barcha joyidan topish mumkin. Minglab gektar yerlar talon-taroj qilindi. Boylar hali tug‘ilmagan nabirayu evarasigacha uy-joy qilgan bo‘lsa, oylikni oylikka ulab, bazo‘r ro‘zg‘or tebratadiganlar bir hovlida 3-4 kelin bilan siqilib yashashga mahkum edi.
Afsuski, yerga nisbatan bunday xo‘jisizlarcha munosabatda bo‘lish natijasida kimlardir harom pul evaziga boylik orttirib ulgurgan bo‘lsa, yana kimlardir davlat va hukumatga nisbatan yov nazar qiladigan islohotlarga ishonchsizlik bilan qaraydigan bo‘lib qolgandi.

Prezidentning yangi farmonida yer ajratish bilan bog‘liq masalalar ochiq va ravshan tartibga keltirilgan.

Ammo yana bir mulohaza kishini o‘ylantirib qo‘yadi. Yerlar auksion savdolarida sotilsa yana boylar yerlik bo‘lib, kambag‘al xo‘rlik ko‘rib qolmasmikin.
Farmonda ana shunday shubha gumonlarga o‘rin qoldirmaydigan yana qanday me’yorlar belgilangan? Shu kabi savollarga javob berish uchun farmon mohiyatini kengroq targ‘ib qilish, fuqarolarga tushuntirish lozim, nazarimizda.