Fargʼona: iqtisodiy salohiyatdan foydalanish samaradorligi

Joriy yilning 10-may kuni Oʼzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʼrinbosari - Investitsiyalar va tashqi savdo vaziri S.Umurzakov rahbarligidagi ishchi guruh Fargʼona viloyatiga joʼnab ketdi.

Safar davomida ishchi guruh aʼzolari bir qator ishlab chiqarish obyektlarida boʼlib, texnologik jarayon bilan tanishdi va loyiha tashabbuskorlari bilan uchrashuvlar oʼtkazdi. Muloqotda tadbirkorlarning hududda faoliyatini kengaytirish, qoʼshimcha investitsiyalarni jalb qilish va ishlab chiqarilgan mahsulotlarni eksportga yetkazib berish istiqbollari muhokama qilindi.

Viloyatning iqtisodiy salohiyati qator sohalarda ishga solinmay qolayotgani, shu bois tuman va mahallalar kesimida ustuvor tarmoqlarda sanoatni rivojlantirish uchun mavjud zaxira va imkoniyatlarni oʼrganish hamda qoʼshilgan qiymat zanjirlarini yaratish boʼyicha ishlarni faollashtirish zarurligi taʼkidlab oʼtildi.

Investitsiyalarni jalb qilish hamda yuqori qoʼshilgan qiymatga ega mahsulotlar ishlab chiqarish va yangi ish oʼrinlari yaratishga yoʼnaltirilgan yuqori texnologik loyihalarni amalga oshirish uchun shart-sharoitlar yaratishni nazarda tutgan holda ayollar va yoshlar tadbirkorligini qoʼllab-quvvatlash chora-tadbirlariga alohida eʼtibor qaratildi.