Farmatsevtika sohasida 1,25 milliard dollarlik loyihalar taqdim etildi

Prezident Shavkat Mirziyoyev 6-sentabr kuni farmatsevtika sohasida amalga oshirilgan ishlar va istiqbolli loyihalar haqida taqdimot bilan tanishdi.

Keyingi besh yilda 71 yangi korxona tashkil etilgani, 2,5 mingdan ortiq dori-darmon, 241 turdagi tibbiyot buyumlari va 78 turdagi tibbiy texnika ishlab chiqarish yo'lga qo'yilgani ta'kidlandi. Farmatsevtika mahsulotlari ishlab chiqarish hajmi qariyb ikki barobar oshdi.

Kelgusi besh yilda tarmoqda ishlab chiqarishni 3 barobar oshirish va ichki bozorni tabiiy ravishda 80 foizga yetkazish mo'ljallanmoqda. Buning uchun 2022-2026 yillarga mo'ljallangan istiqbolli loyihalar ishlab chiqildi.

Qiymati 1,25 milliard dollarlik 104 ta investitsiya loyihasini amalga oshirish rejalashtirilgan. Natijada 376 million dollar qiymatidagi import o'rnini bosuvchi mahsulotlar ishlab chiqarish va 84 million dollarlik tovarlar eksport qilish uchun quvvat yaratish kutilmoqda. Eng muhimi, qariyb 9 ming kishini ish bilan ta'minlash rejalashtirilgan.

140 million dollarlik yana 7 ta investitsiya loyihasini amalga oshirish rejalashtirilmoqda.