Farmatsevtika sohasida 3 yilda 280 mln dollarlik 6 ta korxonani ishga tushirish koʼzda tutilgan

Farmatsevtika agentligida loyihalar bilan ishlash tizimini mutlaqo yangidan tashkil etish zarurligi qayd etildi.
Buning uchun Investitsiya vazirligidan agentlikka birinchi oʼrinbosar – Ulugʼbek Egamov tayinlangani maʼlum qilindi.
Unga agentlik tizimiga yangi investitsiya muhitini olib kirish shartligi koʼrsatib oʼtildi.
Аgentlik va viloyat hokimlari oldiga joriy yilning oʼzida 80 million dollarlik 34 ta loyihani ishga tushirish vazifasi qoʼyilgan. Misol uchun, joriy yilda Toshkent farmatsevtika parkida 50 million dollarlik 2 ta loyihani ishga tushirish rejalashtirilgan.
Jami ushbu klasterda 3 yilda 280 mln dollarlik 6 ta korxonani ishga tushirish koʼzda tutilgan.
Yoki, Buxoro, Jizzax, Navoiy, Qashqadaryo, Surxondaryo va Xorazmda atigi 1 tadan eng oddiy dorilarni ishlab chiqaradigan korxona mavjud boʼlsada, mazkur viloyatlar kelgusi 2 yilda bor-yoʼgʼi 2 tadan yangi loyihani amalga oshirishni reja qilgan.
Mutasaddilarga yirik xorijiy kompaniyalar bilan muzokaralar oʼtkazib, kamida 10 ta brendni jalb qilish boʼyicha kelishuvga erishish topshirildi.






