Farmatsevtika sohasidagi korrupsiyaviy jinoyatlar fosh bo’lmoqda

“DOK-1 MАKS” va “АMBRONOL” siropining nojoʼya taʼsiri sababli “oʼtkir buyrak yetishmovchiligi” tashxisi bilan bolalar vafoti boʼyicha qoʼzgʼatilgan jinoyat ishi tergovi doirasida bir qator mansabdor shaxslar hibsga olingan.
Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi tomonidan Farmatsevtika tarmogʼini rivojlantirish agentligi va uning huzuridagi “Dori vositalari, tibbiy buyumlar va tibbiy texnika ekspertizasi va standartlashtirish davlat markazi” DUKda oʼtkazilgan oʼrganish yakunlariga koʼra aniqlangan juda koʼp miqdordagi moliyaviy xato va kamchiliklar hamda budjet mablagʼlarining sarf qilinishida belgilangan talablarning qoʼpol ravishda buzilganlik holatlari boʼyicha jinoyat ishi qoʼzgʼatilgan.
Toʼplangan dalillar asosida Farmatsevtika tarmogʼini rivojlantirish agentligi hamda uning huzuridagi “Dori vositalari, tibbiy buyum va tibbiy texnika ekspertizasi va standartlashtirish davlat markazi” DUK direktori hamda sodir etilgan jinoyatlarga aloqador boʼlgan uning bir nechta jinoiy sheriklari ish boʼyicha gumon qilinib, ularga nisbatan qamoq ehtiyot chorasi qoʼllangan.
Shuningdek, ma’lum qilinishicha, dastlabki tergov davomida sifatsiz dori vositalarini Oʼzbekistonga import qilib, isteʼmolga chiqarilishiga ruxsat bergan masʼullar doirasini aniqlab, harakatlariga huquqiy baho berishga qaratilgan kompleks tergov-tezkor harakatlari va tegishli ekspertizalar oʼtkazilmoqda.






