Farmatsevtika sohasidagi loyihalar o'rganildi

Joriy yilning 7-avgust kuni O'zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o'rinbosari - Investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Jamshid Xodjayev boshchiligidagi Tashqi savdo, investitsiyalar, mahalliy sanoatni rivojlantirish va texnik jihatdan tartibga solish masalalari bo'yicha Hukumat komissiyasi Toshkent viloyatida o'z ishini davom ettirib bir qator yirik investitsiya loyihalariga tashrif buyurdi.

Bunday tashriflarning asosiy maqsadi hududlarning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishning joriy holatini o'rganish, tadbirkorlarning muammolarini aniqlash va ularni hal qilish, investitsiyaviy, sanoat va eksport faoliyatini rivojlantirish maqsadida barcha imkoniyatlardan foydalanish bo'yicha takliflarni ishlab chiqishdir.

Tashrif yo'nalishi bo'ylab birinchi bo'lib tibbiyot, veterinariya va oziq-ovqat xavfsizligi sohalari uchun biotexnologik mahsulotlarni ishlab chiqish va ishlab chiqarish bilan shug'ullanadigan "Rossa" MCHJ kompaniyasi ko'zdan kechirildi. Loyihani amalga oshirish uchun 5 million dollardan ortiq mablag' jalb qilindi.

Shuningdek, Hukumat komissiyasi a'zolariga kompaniyaning yangi ishlanmalari, shu jumladan OIV, B va C gepatitlari, inson papillomavirusi, sil, gerpes va boshqa infeksiyalarni aniqlash uchun PCR test tizimlari taqdim etildi.

Komissiya tashrif buyurgan navbatdagi manzil Zangiota tumanidagi 130 gektar maydonda joylashgan "Toshkent Farma Park" innovatsion farmatsevtika ilmiy-tadqiqot klasterini qurish maydonchasi bo'ldi. Loyiha Respublikada farmatsevtika sanoatining kompleks rivojlanishini rag'batlantirish maqsadida amalga oshirilmoqda.