Favqulodda vaziyatlarni oldini olish boʼyicha doimiy shtab tashkil etildi

Bosh vazir Аbdulla Аripov raisligida yuzaga kelishi mumkin boʼlgan sel oqimlari, toshqinlar va koʼchki hodisalari bilan bogʼliq favqulodda vaziyatlarning oldini olish boʼyicha ustuvor vaziflar muhokamasiga bagʼishlangan videoselektor yigʼilishi oʼtkazildi.
Shu haftadan havo harorati kunduzi +10 darajagacha va kechalari +3 darajagacha koʼtariladi. Hatto togʼ oldi va togʼli hududlarda +2+7 daraja iliq boʼlishi kutilmoqda. Havo haroratining koʼtarilishi natijasida qor va muzlar erishi tezlashib, sel, koʼchki va suv toshqinlarining yuzaga kelish ehtimolini yanada kuchaytiradi.
Yigʼilishda mavjud holat hududlar kesimida chuqur tahlil qilinib, yuzaga kelishi mumkin boʼlgan salbiy hodisalarni oldini olish va bartaraf etish yuzasidan tegishli vazirlik va idoralar hamda hokimliklar rahbarlariga topshiriqlar berildi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev topshirigʼiga asosan sel oqimlari, toshqinlar va koʼchki hodisalari bilan bogʼliq favqulodda vaziyatlarning oldini olish boʼyicha doimiy shtab tashkil etildi.
Shuningdek, davlatimiz rahbarining 2022-yil 18-noyabrdagi 426-son qarori bilan Toshqinga qarshi hukumat hamda hududiy komissiyalar tuzilgan va ularning asosiy vazifalari belgilangan.
Vazirlar Mahkamasida oʼtgan yigʼilish bayoni bilan ushbu Komissiya aʼzolari Qoraqalpogʼiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahri hududlariga biriktirildi.






