Finlyandiya Elchisi bilan uchrashuv bo’lib o’tdi

Joriy yilning 19-aprel kuni O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari G‘ayrat Fozilov Finlyandiya Respublikasining Favqulodda va Muxtor Elchisi (qarorgohi Xelsinki shahrida joylashgan) etib tayinlangan Ilkka Ryaysyanenni qabul qildi.

O‘zbekiston TIV rahbari o‘rinbosari ishonch yorliqlarini qabul qilar ekan, Elchini yuqori va mas’uliyatli lavozimga tayinlangani bilan tabrikladi va unga muvaffaqiyatlar tiladi.

Suhbat chog‘ida ikki tomonlama munosabatlarning bugungi holati va ularni rivojlantirish istiqbollari muhokama qilindi.

Oʻzbekiston va Finlyandiya oʻrtasida iqtisodiy diplomatiyani faollashtirish, jumladan, oʻzaro savdo missiyalarini tashkil etish, qoʻshma investitsiya loyihalarni amalga oshirish, ikki davlat ishbilarmon doiralari oʻrtasida toʻgʻridan-toʻgʻri aloqalarni yoʻlga qoʻyish zarurligi qayd etildi.

Ta’lim sohasidagi hamkorlikni yanada faollashtirishdan ikki tomon ham birdek manfaatdor ekanligi bildirildi. O‘zbekistonda Finlyandiya oliy o‘quv yurtlarining filiallarini ochish, “ikki tomonlama diplom” berish dasturlarini joriy etish yuzasidan fikr almashildi.